Yana bir arab davlati Xitoydan dronlarga qarshi lazer tizimi sotib oldi
Ummon qurolli kuchlari dronlarga qarshi mudofaani kuchaytirish maqsadida Xitoyda ishlab chiqilgan SkyShield nomli lazer tizimini qabul qilib oldi. Bu haqda Al Badr Transport LLC kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan suratlardan ma’lum bo‘ldi. Tasvirlarda aks etishicha, tizimning cho‘l sharoitiga moslashtirilgan versiyalari allaqachon mamlakatga olib kelingan.
SkyShield bu dronlarga qarshi kompleks himoya tizimi bo‘lib, u uchuvchisiz uchish qurilmalarini radar va optik sensorlar orqali aniqlaydi. Shundan so‘ng ularni radioelektron kurash vositalari bilan ishdan chiqaradi yoki lazer yordamida yo‘q qiladi. Har bir SkyShield majmuasi to‘rtta mashinadan iborat. Radar stansiyalari, elektron urush tizimlari va 30 kVt quvvatga ega lazer bilan jihozlangan mashina shular jumlasidan.
Mazkur tizim dronlarni 1,5 kilometrgacha masofada yo‘q qila oladi. Shu bilan birga, majmua 3 kilometrgacha masofadagi dushman kuzatuv sensorlarini vaqtincha “ko‘r qilib qo‘yish” imkoniga ega. U real jangovar sharoitlarda sinovdan o‘tgan.

Mutaxassislarning fikricha, lazer qurollari sekin uchadigan dronlarga qarshi juda samaralidir. Ukraina urushida bu turdagi uchuvchisiz uchish qurilmalari keng qo‘llanilayotgani sababli dunyoning ko‘plab davlatlari shu kabi texnologiyalarga katta qiziqish bildirmoqda.
Xitoy lazer qurollari bozorida yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. SkyShield tizimini avvalroq Saudiya Arabistoni ham sotib olgan edi. Bundan tashqari, Xitoy kompaniyalari dronlar va past balandlikdagi nishonlarga qarshi yangi lazer tizimlarini ishlab chiqishda davom etmoqda.