Yapon tahlilchilari Xitoy kemasozlik korxonasining sun’iy yo‘ldosh tasvirlarni o‘rganib, Qo‘shma Shtatlarning yadroviy aviatashuvchilari konstruksiyasi bilan o‘xshashlik topishdi. Hozircha mamlakat faqat dizel va mazutda harakatlanadigan aviatashuvchilarga ega.

Xitoy shimoli-sharqidagi yirik kemasozlik zavodida mamlakatning atom dvigatelida harakatlanuvchi ilk aviatashuvchisini qurish boshlangan bo‘lishi bo‘lishi mumkin. Bu haqda Yaponiyaning National Institute for Basic Policy Research (NIPPR) tahlil markazi tomonidan olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayanib xabar berildi. Bu mamlakatning harbiy dengiz kuchlari imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishi mumkin.

NIPPR ma’lumotiga ko‘ra, suratlar Lyaoning provinsiyasining Dalian shahridagi kemasozlik zavodida olingan bo‘lib, xitoyliklar yadroviy yoqilg‘ida ishlovchi ilk mahalliy aviatashuvchini qurishga tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolat berishi mumkin. Markaz rahbari Yoshiko Sakuraining ta’kidlashicha, tasvirlarda Xitoyning an’anaviy dvigatel asosida ishlovchi aviatashuvchilari qurilishida kuzatilmagan belgilar aniqlangan.

Yaponiya nashrlarining yozishicha, qurilish ishlari Dalian Shipbuilding Industry Co., Ltd. korxonasida olib borilmoqda. Aynan shu zavodda Xitoyning birinchi mahalliy aviatashuvchisi “Shandun” qurilgan edi. Tahlilchilarning qayd etishicha, joriy yil fevral oyidan boshlab kemasozlik zavodi hududida uzunligi 270 metrdan oshadigan tayanch konstruksiyalarni o‘rnatish boshlagan. Bu esa aviatashuvchi hajmidagi kemani qurish uchun tayyorgarlik bo‘lishi mumkin.

Sun’iy yo’ldosh tomonidan 10-noyabrda olingan tasvirlarda taxminan 150 metr uzunlik va 43 metr kenglikdagi qisman yig‘ilgan korpus ko‘rinadi. Uning ichida har biri taxminan 16×14 metr o‘lchamdagi ikkita to‘rtburchak konstruksiya aniqlangan. NIPPR ta’kidlashicha, bunday elementlar “Shandong” yoki Xitoyning uchinchi aviatashuvchisi — “Fujian” qurilishi jarayonida kuzatilmagan.

Institut mutaxassislari tasvirlarni Qo‘shma Shtatlarning Virjiniya shtatidagi Newport News Shipbuilding zavodida qurilayotgan AQSH aviatashuvchilari suratlari bilan solishtirdi. Natijada yadroviy reaktorlar joylashtiriladigan hududda shunga o‘xshash o‘lchamdagi ikkita karkas topildi.

“Dalian kemasozlik zavodida aniqlangan karkaslarning o‘lchami va shakli AQSHda qurilayotgan atom dvigatelli aviatashuvchilar konstruksiyasiga juda o‘xshaydi. Xitoy harbiylari 2030-yillarning boshlariga kelib Qo‘shma Shtatlar aviatashuvchilariga teng keladigan kemaga ega bo‘lishi mumkin”, degan NIPPR tadqiqotchisi Maki Nakagava.

Shu bilan bir vaqtda, xitoyliklar Qingdao shahrida joylashgan Xitoy harbiy-dengiz kuchlari bazasidagi infratuzilmani kengaytirmoqda. Ushbu baza hozirda “Liaoning” aviatashuvchisining doimiy porti hisoblanadi.