Rossiyada tanklarning davri tugab borayotgani haqidagi farazlar inkor qilindi
Rus armiyasining tank ekipajlari uchun jangovar harakatlarda foydalaniladigan yangi taktik yondashuv taqdim etildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi hamda Rostex davlat harbiy konserni tomonidan maʼlum qilindi.
Yangi yondashuvga koʻra, front chizigʻida ikkita jangovar mashinadan iborat “duet” joriy etilgan. Unga binoan, tanklardan biri masofadan turib oʻt ochadi, ikkinchisi esa tezkor tarzda jabhaning old chizigʻiga qarab harakatlanadi. Har ikkala ekipaj jangovar topshiriqlarni uchuvchisiz uchish qurilmalari bilan oʻzaro muvofiqlikda bajarishadi. Nishonlarni aniqlash, oʻt ochishni boshqarish va jang maydonidagi vaziyatni kuzatish kabilar shular jumlasidan.
Vazirlikning maʼlum qilishicha, ushbu yondashuv Ukraina qurolli kuchlarining yuqori aniqlikdagi zarbalari va FPV-dron hujumlari tahdidini kamaytirish maqsadida ishlab chiqilgan. Yangilangan doktrina yoʻqotishlarni hujum surʼatini saqlab qolgan holda kamaytirishni koʻzda tutadi.

Maʼlum boʻlishicha, asosiy himoya vositasi sifatida ekipajlarga pozitsiyani oʻzgartirish, real vaqt rejimidagi dron razvedkasini integratsiya qilish va yuqori harakatchanlik tavsiya etilgan. Shuningdek, muhandislar tomonidan ayrim oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha ham koʻrsatmalar berilgan. Rostex esa tanklar “temir musht sifatidagi rolini yoʻqotmagani”ni taʼkidladi. Konsernga koʻra, ular bu xulosaga amaldagi harbiy harakatlarning turli epizodlarini kuzatish natijasida kelgan.
“Bugun keng tarqalgan fikrlardan farqli ravishda, tanklar jang maydonidagi asosiy zarbdor kuch sifatidagi mavqeini yoʻqotgani yoʻq. Bu maxsus harbiy operatsiya hududidagi koʻplab jangovar epizodlar bilan tasdiqlanadi. Shu bilan birga, jangovar texnikalarning himoyasi sezilarli darajada oʻzgarib, ularni qoʻllash taktikasi yangilandi. Shunga qaramay, tanklar FPV-dronlar kabi turli yoʻq qilish vositalari taʼsiri ostida ham toʻgʻridan-toʻgʻri oʻt ochishga qodir eng chidamli jangovar mashinalardan biri boʻlib qolmoqda”, deyiladi bayonotda.
Rostex Ukrainada olingan tajriba hozir ishlab chiqarilayotgan qator modellarda joriy etilganini maʼlum qildi. T-90M “Proryv”, T-80BVM va T-72B3M tanklari kelajak konsepsiyalariga oʻtish davridagi platformalar sifatida xizmat qilishi qayd etildi. Maʼlum boʻlishicha, ularning himoya bloki hamda bort tizimlari operativ talablar asosida “tezkorlik bilan yangilab borilyapti”.

Shu bilan birga, mustaqil tahlillar Rossiya armiyasi zirhli texnikalar borasida kuchli taqchillikka duch kelayotganini koʻrsatgan. Oryx guruhi tomonidan yuritilayotgan hisobotga koʻra, keng koʻlamli bosqin boshlangan 2022-yildan beri Rossiya 4 308 ta tankdan ajralgan. Raqamlar eng yangi namunadagi T-90M modellari hamda T-55 kabi eski platformalarni ham oʻz ichiga oladi.