Optik texnologiyalar jangovar harakatlarning ajralmas qismi bo‘lib, qurolli kuchlarning turli tuzilmalari tomonidan qo‘llaniladi. Boisi u shunchaki ko‘rish moslamasi emas, balki kuzatuv, aniqlash, nishonga olish, masofa o‘lchash va razvedka kabi keng spektordagi vazifalarni bajaruvchi murakkab texnologiyalar oilasidir. Zamonaviy optika bilan ta’minlangan bo‘linmaning jangovar imkoniyatlari oshadi. Qolaversa, missiyalarni yuqori aniqlikda bajarish imkoniyati paydo bo‘ladi.

O‘zbekistonda Qurolli Kuchlarning mana shu yo‘nalishdagi ehtiyojlarini qondirish bilan Innovatsiya texnologiyalari markazi shug‘ullanadi. Korxona portfelidan joy olgan optik moslamalar “Mergan” umumiy nomi ostida birlashtirilgan. Teplovizion nishonga olgich shular jumlasidan. U, asosan, tungi sharoitlarda missiya bajarish uchun mo‘ljallangan. Biroq qurilmadan ko‘rish imkoniyati cheklangan boshqa sharoitlarda, jumladan, tuman, chang, tutun kabi muhitlarda ham foydalanish mumkin.

Oddiy optik moslamalardan farqli, teplovizion nishonga olgich obyektlarni ulardan chiqayotgan issiqlik (infraqizil) nurlanishi orqali aniqlaydi. Shu bois u qorong‘ida yashiringan jonli kuch, niqoblangan texnika va tabiiy to‘siqlar ortidagi harakatlarni aniqlash imkonini beradi.

Teplovizion nishonga olgich vazni 0,735 kgni, obyektiv diametri esa 55 mmni tashkil qiladi. U 800 metr masofadagi obyektlarni aniqlashi, 8 soat davomida uzluksiz ishlashi mumkin. U, asosan tungi reydlar, maxsus amaliyotlar, razvedka va chegaralarni qo‘riqlash kabi missiyalarda qo‘llaniladi.