“Bu xavfsizlik degani”. O‘zbekistonda zirhli texnika va katerlar uchun jangovar modullar ishlab chiqarish boshlandi
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan zirhli transport vositalari hamda katerlarni zamonaviy standartlarga muvofiq masofadan boshqariladigan jangovar modullar bilan jihozlash boshlandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Chirchiq shahridagi texnoparkka tashrifi vaqtida ma’lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Daryo” nashri.
Materialda ta’kidlanishicha, loyiha bilan mudofaa sanoat agentligi tizimidagi Langar Group korxonasi shug‘ullanmoqda. U qurolli kuchlar uchun bir necha turdagi masofadan boshqariluvchi jangovar modullar yetkazib berishi mumkin. Korxona rahbari Iqboljon Botirovga ko‘ra, 2031-yilga borib jangovar modullarni mahalliylashtirish darajasini 90 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Tashrif davomida namoyish etilgan modullarning texnik xususiyatlari haqida aniq ma’lumot yo‘q. Biroq kadrlardan ular asosan kalibrga ko‘ra farqlanishini bilish mumkin. Tasvirlarga ko‘ra, modullarning ba’zilari 12,7 mm, boshqalari esa 7,62 mm kalibrli pulemyotlarga mo‘ljallangan. Shuningdek, ba’zi modellarda bularning har ikkisi bitta platformada uyg‘unlashtirilgan.
Jangovar modullar nimasi bilan muhim?
“Daryo” nashri masofadan boshqariluvchi jangovar modular nima uchun muhimligiga e’tibor qaratgan. Manbada ta’kidlanishicha, yengil zirhli transport vositalarida o‘t ochish uchun an’anaviy ravishda tureldan foydalaniladi. Ammo bunday sharoitda harbiy xizmatchi o‘z tanasining bir qismini lyukdan chiqarib turishi kerak bo‘ladi. Qolaversa, harakat vaqti kuchli silkinish bo‘lgani bois aniqlik tushib ketadi. Shuningdek, bunday yondashuvning ko‘rish cheklangan muhitdagi samaradorligi past bo‘ladi.
Masofadan boshqariluvchi jangovar modullar mana shu muammolarning deyarli barchasini bir vaqtning o‘zida hal qilish imkonini beradi. Birinchidan, uni boshqaruvchi operator xavfsiz joyda o‘tiradi. Murakkab optika, teplovizor hamda lazer masofa o‘lchagich kabi tizimlar esa nishonlarni yuqori aniqlikda mo‘ljalga olish, shuningdek, kunning istalgan qismida jang olib borish imkonini beradi. Bundan tashqari, stabilizatorlar sharofati bilan texnika harakat vaqtida ham yuqori aniqlikda o‘t ocha oladi.

Jangovar modullarga xos yana bir jihat shuki, operator muayyan nishonni “maqsad” sifatida belgilashi mumkin. Shundan so‘ng platforma uni avtomatik tarzda mo‘ljalda ushlab turadi. Umuman olganda, bu kabi tizimlar yuqori aniqlikdagi razvedka imkoniyatlarini o‘t ochish kuchi bilan uyg‘unlashtirgan bo‘lib, jang maydonidagi taktik ehtiyojlarni qondirishga xizmat qiladi.
Langar Group nafaqat quruqlik texnikalari, balki zirhli katerlar uchun ham modullar yetkazib berishi mumkin. Avvalroq xuddi shunday tizimlar O‘zbekiston va Tojikiston chegarachilarining Surxondaryo viloyatida o‘tgan qo‘shma mashg‘ulotida ko‘zga tashlangan edi.