Qurolli kuchlar tizimida robotlashtirilgan platformalardan foydalanish global trendga aylanmoqda. Chunki operatsion samaradorlikni oshirib, harbiy xarajatlarni kamaytiradi. Eng muhimi, inson hayotini asrashdek oliy maqsadga xizmat qiladi. Masofadan boshqariluvchi qurilmalar inson ishtiroki xavfli bo‘lgan hududlarda turli vazifalarni bajaradi. Minalarni zararsizlantirish, razvedka olib borish va zarur hollarda jangovar amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan.

Ammo taraqqiyot bir nuqtada to‘xtab qolmaydi. Tarmoqqa innovatsiyalar bilan doimiy impuls berish, ya’ni yangiliklarga ochiq bo‘lish va rivojlanishga intilish — bu texnologik raqobatda ortda qolmaslikning eng muhim jihatidir. Buning asosida esa malakali kadrlar va ularga e’tibor yotadi. Innovatsiya texnologiyalari markazi ayni shu yo‘nalishda navbatdagi startapini namoyish qildi.

Korxona iste’dodli yoshlarni birlashtirib, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu yerda izlanish olib borayotgan yoshlar respublikaning turli hududlaridan saralangan bo‘lib, aksariyati 2007–2008-yillarda tug‘ilgan. Shunga qaramay, ular allaqachon bir qator tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, o‘z imkoniyatlarini namoyish qilishgan.

Innovatsiya texnologiyalari markazining yosh muhandislari izlanish olib borayotgan loyihalardan biri “Robot-sapyor” bo‘lib, u zamonaviy texnologik standartlarga javob beradi. Qurilma minalarni zararsizlantirishdan tashqari, xavfli nuqtalarda texnik topshiriqlarni bajarish, shuningdek razvedka va kuzatuv missiyalarini olib borishga mo‘ljallangan. Qolaversa, robotni qurollantirish imkoniyati ham mavjud. Bu esa, o‘z navbatida, uni ko‘p funksiyali platformaga aylantiradi.

Robot quyidagi texnik imkoniyatlarga ega:

  • HD kamera — real vaqt rejimida kuzatuv olib borish uchun;
  • Tungi ko‘rish moslamalari — yorug‘lik cheklangan sharoitda missiya bajarish uchun;
  • Dinamik va mikrofon tizimi — ikki tomonlama aloqa uchun;
  • Masofadan boshqaruv modul — “miya” vazifasini bajarish uchun.