Tomonlar 2022-yili imzolagan kelishuv doirasida 212 ta K9 Thunder o‘ziyurar gaubitsasi yetkazib berildi. Polyaklar ushbu tizimdan yana 152 ta sotib olib, Yevropaning eng kuchli artilleriya flotiga ega bo‘lmoqchi.
Polsha Janubiy Koreya bilan tuzilgan dastlabki shartnoma doirasida 155 mm kalibrli K9 o‘ziyurar gaubitsalarining barchasini qabul qilib oldi. Gap 212 ta birlik haqida bormoqda. Yetkazib berish ishlari uch yil ichida yakunlandi. Keyingi shartnomalar bo‘yicha ta’minot esa davom etadi.

Ma’lum qilinishicha, K9 gaubitsalarini xarid qilish uchun shartnoma 2022-yilda imzolangan bo‘lib, Varshava bu orqali Ukrainaga yuborilgan tizimlarning o‘rnini to‘ldirishni, qolaversa, o‘z qurolli kuchlarini modernizatsiya qilishni maqsad qilgandi. Bundan tashqari, yangi o‘ziyurar gaubitsalar sharofati bilan mamlakat qit’aning eng qudratli artilleriya flotlaridan biriga ega bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, mazkur kelishuv Janubiy Koreya mudofaa sanoatining imkoniyatlarini ham ham namoyish qiladi. K9 Thunder o‘ziyurar tizimlari Polsha armiyasining 1-Mazurska artilleriya brigadasi tarkibidan joy oladi.


Varshava 212 ta tizim uchun jami hisobda 2,4 milliard dollar to‘lagan. Bu har bir birlik uchun o‘rtacha 11,3 million dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, Polsha 2023-yil dekabr oyida yana 152 ta K9 o‘ziyurar gaubitsasi uchun buyurtma bergan. Navbatdagi partiyani yetkazib berish 2027-yilgacha davom etishi kutilmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, ko‘plab davlatlarning K9 Thunder o‘ziyurar gaubitsalari hamda K2 Black Panther tanklariga qiziqish bildirayotganiga sabab ishlab chiqarish sur’atlarining yuqoriligi va nisbatan raqobatbardosh narxlari bilan izohlanadi. Bundan tashqari, shartnoma tuzish jarayonida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari ham muhokama qilinadi.

Polsha uzoq muddatli istiqbolda Yevropaning eng kuchli artilleriya flotini yaratishni maqsad qilgan. Barcha buyurtmalar bajarilgach, mamlakat ixtiyorida 576 ta K9 Thunder va Krab o‘ziyurar gaubitsalari, shuningdek 310 ta yuqori aniqlikdagi K239 Homar-K va M142 HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari bo‘ladi.