Polshaning Huta Stalowa Wola S.A. kompaniyasi Heron nomi bilan tanilgan yangi zirhli transport vositasini yirik sonda ishlab chiqarmoqchi. U 6×6 konfiguratsiyaga ega bo‘lib, shassi Czechoslovak Group tarkibiga kiruvchi Tatra Defence kompaniyasi tomonidan yetkazib beriladi.

“Heron kelmoqda! Huta Stalowa Wola S.A. kompaniyasi 6×6 shassisidagi yangi zirhli mashinalarni seriyali ishlab chiqarishni boshlamoqda”, dedi Czechoslovak Group Polska operatsion direktori Lukash Malitskiy.

Malitskiyning so‘zlariga ko‘ra, Heron ko‘p maqsadli taktik transport vositasi sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, Polsha hamda Chexiya mudofaa firmalari o‘rtasidagi yaqin texnologik hamkorlik natijasidir.

Loyiha quruqlik tizimlari ishlab chiqarish bo‘yicha ikki mamlakat avvalroq yo‘lga qo‘ygan qo‘shma loyihalarning davomi hisoblanadi. Malitskiyning ta’kidlashicha, bunday hamkorlik Polsha qurolli kuchlari uchun yangilik emas.

“Bu quruqlikdagi platformalar sohasida realizatsiya qilingan birinchi dastur emas. Avvalroq biz TATRA TRUCKS a.s. kompaniyasining 4×4 shassisidagi avtomobillarni ishlab chiqarish bo‘yicha texnologiya transferini amalga oshirgan edik. Ular WARAN avtomobillari nomi bilan Polsha qurolli kuchlari xizmatiga kirib bormoqda”, dedi u.

Heron dasturi mahalliylashtirilgan model bo‘lib, ishlab chiqarish Polshaning janubi-sharqidagi Huta Stalowa Wola zavodida yo‘lga qo‘yiladi. Tatra asosidagi shassidan foydalanish mehnat taqsimotining bir qismidir. Kelishivga ko‘ra, Chexiya kompaniyasi harakatlanish platformasini taqdim etadi, Polsha sanoati esa integratsiya va seriyali ishlab chiqarishga rahbarlik qiladi. Malitskiyning aytishicha, mazkur yondashuv Czechoslovak Group kompaniyasining Polsha bozoridagi uzoq muddatli strategiyasini aks ettiradi.

“Biz Polsha bozorida aynan shunday faoliyat yuritmoqchimiz: texnologiyalarni yetkazib berish, uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va foydalanuvchi talablariga moslashtirilgan yuqori sifatli mahsulotlarni yetkazib berish”, dedi u.

Batafsil texnik xususiyatlar hali ochiqlanmagan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar Heron qo‘mondonlik va boshqaruv, jangovar yordam, logistika va evakuatsiya kabi missiyalarda qo‘llanishini kutmoqda. Bunday ko‘p qirrali platforma Yevropa quruqlik qo‘shinlarining hozirgi tendensiyalariga mos keladi.