Ukraina Avstraliyadan va’da qilingan barcha Abrams tanklarini qabul qilib oldi
Kiyev Avstraliya hukumati tomonidan va’dan qilingan barcha 49 ta M1A1 SA Abrams tanklari qabul qilib oldi. Yetkazib berish jarayonlari bir yildan ortiq davom etdi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu harbiy yordam paketining umumiy qiymati 245 million dollarga baholanadi. Bu har bir tank uchun taxminan 5 mln dollardan degani. Shunday qilib, Avstraliya NATOga a’zo bo‘lmagan davlatlar orasida Ukrainani eng ko‘p qo‘llab-quvvatlagan ittifoqchiga aylandi.
Operatsiya tafsilotlari va qiyinchiliklar
Avstraliya o‘z arsenalida mavjud 59 ta tankdan 49 tasini Ukrainaga berishga qaror qilgan. Qolgan 10 tasini esa mamlakat Qo‘shma Shtatlarning yangi M1A2 SEPv3 modellariga o‘tishdan oldin ekipajlarni tayyorlash uchun olib qolgan.

Yetkazib berish jarayonida tomonlar bir qator to‘siqlarga duch kelishdi. Qariyb ikki oy davom etgan dengiz safari, Oq uy ma’muriyatining mazkur tashabbusga shubga bilan qarashi, shuningdek Avstaliya muxolifatining tanqidiy yondashuvi shular jumlasidan.
Yetkazib berilgan tanklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri jang maydoniga yuborilmaydi. Ukrainaga yetib borgach, ular zamonaviy urush talablariga mos ravishda modernizatsiya qilinadi. Xususan, jangovar mashinalarga dronlarga qarshi to‘rlar, dinamik himoya hamda elektron urush tizimlari o‘rnatiladi.
Bundan tashqari, Ukraina tank ekipajlari ushbu modellarni boshqarishga o‘rganish uchun kamida bir oylik qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tishi kerak. Shundan so‘ng ular frontga yuborilishi mumkin bo‘ladi.